Hozir kompaniyalar uchun birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) o’tkazish uchun eng yaxshi vaqt, chunki dunyoda misli ko’rilmagan pul mavjud. Bu haqda Sberbank rahbari German Gref RBK telekanaliga bergan intervyusida aytib o’tdi.
Uning so’zlariga ko’ra, so’nggi paytlarda hamma narsa sotilmoqda va “qandaydir aqlga sig’mas multiplikatorlar bilan sotilmoqda”, chunki investorlar har qanday aktivlarni sotib olishga tayyor. Grefning ta’kidlashicha, agar uning kompaniyasi bo’lsa, u ushbu imkoniyatdan foydalangan bo’lar edi.
Shu bilan birga, bankir investorlarni ehtiyot bo’lishga chaqirdi, chunki bu vaqt yomon kompaniyalar uchun ham ayni muddao. Uning fikriga ko’ra, bozorda allaqachon “Ulkan pufak” hosil bo’lgan va uning yorilishini kutish qolmoqda holos.
Shu bilan birga, Sber rahbari Rossiya bozorining qulashi xavfi yo’q deb hisoblaydi, bazi kompaniyalarni inobatga olmaganda Rossiyada investorlar bunchalik aksiyalarni sotib olishga berilib ketishmagan. Amerika bozoriga kelsak, birdan qimmatlashib ketgan bir qancha texnologik kompaniyalarni jiddiy korreksiya kutmoqda.
Avvalroq Rossiyaning “Fix Price” do’konlari tarmog’ining asoschilari – Sergey Lomakin va Artem Xachatryan kompaniyaning IPO-dan so’ng dollar milliarderlariga aylanishgani haqida xabar berilgan edi. London fond birjasida ro’yxatdan o’tgach kompaniyani investorlar 8,3 milliard dollarga baholashdi.