Xalqaro savdoda tovarlarning 90% i okean, dengiz, kanallar, xullas suv ustida olib boriladi. Unda harakatlanuvchi kemalar qit’alarni bir-biri bilan bog’laydi. Suv yo’llari global iqtisodiyotning qon tomiridek muhim sanaladi va albatta kemalarda yuk ulkan qutilarda (konteynerlarda) tashiladi. Bir yilda konteynerlar qatnovi umumiy hisobda 811 000 000 ga yetadi va bunday konteynerlar soni jahonda 180 000 000 ni tashkil qiladi. Bir yilda suv yo’li bilan 11.08 mlrd tonna yuk aylanadi. Shundoq ham davlatlar iqtisodiyotini og’ir ahvolga solgan pandemiya ortidan mikrochiplar inqirozi sabab bugun texnologiya keskin qimmatlashishi yetmagandek yana konteyner inqirozi guvohi bo’lmoqdamiz va buning ham jabrini eng avvalo oddiy iste’molchi tortadi. Bugun eng yirik eksportchi davlat Xitoydan bitta konteyner chiqishi narxi pandemiyadan oldingi narxga qaraganda 7.5 barobar qimmatlashgan bo’lsa, aksincha Amerikadan Xitoyga chiquvchi konteyner narxi 22.8 barobar arzon. Quyida buning sabablari, oqibati va kutilayotgan natijalarini tahlil qilamiz.
Pandemiya boshlanishi, qayerdan qayergacha borgani, xullas bu haqdagi ma’lumotlar hammaga juda yaxshi ma’lum va takrorlashga hojat yo’q. Biz 2020-yil may oylaridan “Play” tugmasini bosib filmni tomosha qilishni boshlaymiz. Chunki aynan shu vaqtlarda Xitoy eksportni qayta tiklab, portlarini tovarlar ortilgan konteynerlar bilan to’ldira boshladi. Bu vaqtda aksariyat import qiluvchi davlatlar karantinda va deyarli barcha tarmoqlar bu davlatlarda faoliyatini minimumga tushurgan, eksport esa to’xtatilgan edi.
Konteyner masalasi aynan shu yerdan yuzaga kela boshladi. Buni tushunish uchun xalqaro savdo jarayonini eslab olsak.
Xalqaro savdoning 90% i eng arzon yo’l bo’lganligi sababli okean, dengiz va kanallar orqali olib boriladi. Tabiiyki, yuklarni tashish uchun uzunligi 6 yoki 12 m bo’lgan qutilardan foydalanishadi. Bitta 6 metrlik qutiga 22 tonna yuk ortiladi va bitta kema sig’imiga qarab 19 000 dan 24 000 gacha (raqamlar yaxlitlangan, aniq ma’lumot uchun havola qoldiriladi) qutini ortib Xitoydan Yevropa yoki Amerikaga qarab yo’l oladi. Qaytishda ham shuncha quti to’ldirilgan yuk bilan Osiyoga qaytadi va shu tariqa xalqaro savdoda muvozanat saqlab borilar edi.
Karantindan chiqqan Xitoy avvalgidek eksportni yo’lga qo’yib boshqa davlatlarga yuk tashiy boshladi, ammo import qiluvchilar karantin sabab eksport uchun qutilarni qayta to’ldirib bera olmay qoldi. Xitoydan kelgan qutilar import qiluvchi davlatlar portida to’plana boshladi. Xitoyda esa aksincha, qutilar qaytmasligi sababidan ortilmagan eksportga tayyor tovarlar to’plana boshladi. yo’lga chiqqan 10 ta qutidan atigi 4 tasi yuk bilan qaytadigan bo’ldi. Avgustga kelib bu holat Xitoyda qutilarning defitsitiga olib keldi va tabiiyki Xitoydan boshqa davlatlarga yuk tashish narxi qimmatlasha boshladi. Pandemiyadan oldin 1 qutini tashish narxi $1 500 bo’lsa, avgustga kelib bu narx $2 000 ga, 2021-yil yanvarda $4 000, shu yil sentyabrda esa $10 000 dan oshdi.

Ushbu indeks barcha yuk tashuvchilar taklif qilayotgan narxning o’rtacha qiymati bo’lib jahon bo’ylab yuk tashishning o’rtacha narxi deb hisoblanadi. Bu ko’rsatkichning o’zi ahvol juda jiddiy ekani haqida ishora qiladi. Biroq yanada daxshatlisi alohida hududlar bo’ylab yetkazish narxida bilinadi.
Masalan Sharqiy Osiyodan (asosan Xitoy portlaridan) Shimoliy Amerikaning g’arbiy qirg’oqlariga, ya’ni Tinch okeani orqali yuk tashish narxi salkam $18 000.

Eng qimmat narx – Shariqy Osiyodan Shimoliy Amerikaning Sharqiy qirg’oqlariga tashuvchi yuklarga qo’yilgan. Salkam $21 000.

Bu albatta import qilinuvchi tovarlar narxiga ta’sir qiladi va bu qiymatni oddiy iste’molchi to’laydi. Global indeksni pandemiyadan oldingi narx bilan solishtirsak tashish narxi 7.5 barobar o’sganiga guvoh bo’lamiz. Buning muqobilida Amerikadan Osiyoga yuk tashish narxlari Amerika Sharqiy qirg’og’idan $920, G’arbiy qirg’oqdan $907 ga tushar ekan. Ya’ni qaytuvchi qutilar Xitoydan chiquvchi qutlarga nisbatan 22.8 barobar arzon. Bu haqiqiy muvozanatsizlikni yaqqol ko’rsatadi. Bu o’z o’zidan tashuvchilar uchun Amerika qirg’oqlarida yuk to’planishini kutmasdan yangi reys uchun bo’sh kemada Xitoyga qaytishni afzalroq qilib qo’yadi. Aynan shunday bo’ldi ham. Biroq bu boshqa mavzu va kelasi postlarda buni mulohaza qilamiz.
Hozircha AQShning eng yirik porti bo’lmish Los-Anjeles porti avgust uchun bergan hisobotlariga bir nazar tashlaylik. Unga ko’ra o’tgan yil avgustiga nisbatan bu yil avgust konteyner aylanishi hajmi biroz qisqargan.

Biroq yil boshidan avgustgacha bo’lgan aylanma o’tgan yil ko’rsatkichlaridan 30.3 % ga oshib 7,273,053 dona qutini tashkil etgan. Yil so’ngigacha Los-Anjeles porti 10.8 millin dona aylanma qilishi prognoz qilingan. Bu esa port tarixida 114 yillik rekord bo’lishi aytilgan. Endi Aynan shu port qaytarayotgan bo’sh qutilar soni o’tgan yil avgust oyida rekord darajaga chiqib 367 413 donani tashkil qilgan.

Krizisga qaytamiz… Yuqoridagi holat asosiy, ammo yagona sabab emas.
Bunga Xitoy va AQSh avvaldan o’zi bilmagan holda sharoit yaratgan. Ha “Savdo urushi”. Business Insider jurnalisti Rachel Premackning Xitoy va AQSh o’rtasidagi siyosiy kelishmovchiliklar sabab “Savdo urushi” davridanoq ikki davlat o’rtasida savdo susaygach konteyner ishlab chiqaruvchilari ham ishlab chiqarishni kamaytirishgan. Birdan AQSh va Yevropa davlatlari importni oshirishlari konteynerlar yetishmovchiligining yana bir sababiga aylangan. Bundan tashqari pandemiya sababli import qiluvchi davlatlar aholisi talabining keskin o’zgarishi ham yana bir sabab sifatida ko’rsatilmoqda. Bu muammolarning ustiga yana Suvaysh kanalidagi Ever Given konteyner tashuvchi kemasining tiqilib qolishini qo’shsak, konteyner inqirozi, pandemiya, mikro chiplar inqirozi… 2019-2022 yillar insoniyat uchun oson kelmasligini tahmin qilish mumkin bo’ladi. Ha… Rachel Premack tahminiga ko’ra konteyner inqirozi 2022 yil 2 choraklaridan normal holatga kelishi kutilmoqda. Boshqa muammolar esa alohida tadqiqot mavzusi menimcha.
Ever Given esa eslab o’tishga arzirlik voqea bo’ldi. Xullas ayni shu qiyin damlarda Osiyo va Yevropa o’rtasidagi asosiy savdo yo’li – Suvaysh kanali uzunligi butunlay kanalni ikki qirg’og’ini tutashtirishga qodir bo’lgan Ever Given konteyner tashuvchi kemasi tomonidan 6 kun yopib qo’yildi. Kemaning uzunligi 400 m, og’irligi 200 000 tonna. Bir vaqtda 20 000 dona konteynerni sig’dira oladigan kema 2021-yil 23-mart kuni 18 300 dona konteynerni olib Suvaysh kanalidan o’tayotganda tiqilib qolgan. Bu sabab yana 450 yuk tashuvchi kemalar kanalda tiqilib qolishgan. Kemada $9.6 milliardlik yuk bo’lgan va kanal 6 kun yopilishi oqibatida umumiy yetgan zarar $50 milliard deb baholangan.
MyGapdan shu mavzuda to’liq videorolik.
Jahon bo’ylab suv ustida tashuvchilar harakatlanishi xaritasi.
Los-Angeles portining 2021-yil avgust oyi bo’yicha hisoboti
Business Insider Jurnalisti Rachel Premackning konteyner inqirozi haqidagi fikrlari
Konteyner hajmi, sig’imi va shu kabi ma’lumotlari haqida Wikipedia