Abror Aliboyev
Ushbu kichik blogda o'zim qiziqqan sohalardagi izlanishlarim, fikr va mulohazalarim hamda ko'rgan kechirganlarimmdan hikoyalarni qoralab boraman.

Orzuyingga yetish uchun – Ilm ol, Mehnat qil, Sabr qil.

Men bugun orzuyimga yetish uchun yurayotgan yo’lim haqida fikrlar ekanman, hayolimga kelgan fikrlarni qoralab qo’yish lozim deb topdim. Ya’ni maqsadim uchun qanday yo’lni tanladim va yurmoqdaman? Nimalarni o’rgandim 7 yil avvalgi men va hozirgi mening o’rtamizda qanday farqlar bor? Orzuyimga yetish uchun nima qilay?

Kitoblar, maqolalar, muvaffaqiyatga erishgan shaxslar barchalari maqsading bo’lsin deyishadi. Missiya, maqsad, reja – bularning barchasi qanday ta’riflanishini ko’pchilik biladi. Ko’pchilik maqsadingizga erishishingiz uchun faqat o’zingiz harakat qilishingiz shart emas, sizga yordam beradigan odamlarni toping deyishadi. To’g’ri, bu yaxshi naslahat, ammo shaxsan men odamlarni qidirib yurishdan ko’ra kerakli bilimlarni o’zim o’rganishni afzal ko’raman. Bunday tanlovga ikki sabab bor. Birinchidan mendagi istakni amalga oshirish uchun izlagan odamlarimda xuddi menikidek maqsad bo’lishi, yoki ularni men istagan ishni qilishlari uchun men ularga haq to’lashim lozim. Introvert bo’lganligim sababli men uchun insonlarni topish, sinash, umuman izlashdan ko’ra, kerakli bilimlarni o’zim o’zlashtirishim osonroq ko’rinadi. Aynan shunday yo’l bilan men dasturlashni o’rgandim va aynan shunday yo’l bilan hozirda sun’iy intellekt texnologiyalarini o’rganmoqdaman. 6 yildan oshibdiki men adashib kirib qolgan soha – forex, fond birjalarida o’z o’rnimga ega bo’lish uchun harakatda ekanman. Buni ba’zida unutaman. Chunki o’rgangan bilimlarim hozirda ko’p sohalarda foyda berishi sabab birjalarga ikkinchi darajali hobbi sifatida qaraydigan bo’lib qolganman. Ammo qiziqsh meni juda uzoq yo’llardan olib yurganiga qarab o’zimdan xursand bo’laman.

Avval boshida forexga qiziqqanimda menda na bilim va na pul bor edi. O’sha davrlar men qarzga pul olib o’zim bilmagan bozorga tikib boyib ketishni orzu qilgan bo’lsam, hozir ortga qarab o’shanda qo’limga katta pul tushmaganidan xursand bo’laman. Biz ko’pincha imkoniyatlarimizga katta baho berib yuboramiz ayniqsa motivatsiya kuchli bo’lganida. Biz yoshlikda birdan katta natijalarga erishishni hohlaymiz. Biz birdan qo’limizga katta pul tushib qolsa o’zimizni yo’qotib qo’yamiz. Ammo bunday holatda, yoshligimizda bizda o’qish va o’rganishdan boshqa chora bo’lmasligi, bu eng yaxshi taqdir ekan. O’shanda o’z o’rnimni forexda topolmagach, men turli xil biznes g’oyalar o’ylab topdim va biznes rejalar tuzdim. O’zim o’ylagan biznesni shu darajda aniq ishladimmki hozir ham bunga hayron qolaman. Ammo shunda ham o’qishdan boshqa chora topmadim. Bir nechta kitobni varaqlab, ozgina fikrlashni o’rgangach, maqsadni noto’g’ri qoyganimni tushunib yetdim. Markazga pulni, moliyaviy erkinlikni qo’ygan ekanman. Albatta, men buning uchun mehnat qilishga tayyor edim, va imkoniyat bo’lganida mehnat ham qilardim. Ammo taqdir meni maqsadimni tog’irlab olishimga imkon bergan ekan. Maqsadni to’g’irlab olgach, o’sha vaqtgacha meni hech qanday bilim va tajribasiz u tomonga yugurishimga majbur qilgan boylikni ketidan quvishdan to’xtadim. Xotirjam bo’ldim.

Bunda menga bir qancha kitoblar yordam berdi. Jim Ronning Baxt va Muvaffaqiyatga erishishning 7 strategiyasi, Napoleon Hillning O’yla va boy bo’l, Kiyosaki kitoblari, Kleysonning Vavilondagi eng boy odam, Parabellumning kitoblari, Stiven Kovi, Brayan Treysi xullas “Muvaffaqiyatga erishish sirlari” turkumidagi ko’pgina bestsellerlar yordam berdi. Web sayt yasash istagi ortidan Web dasturlashni o’rgandim, keyinchalik birjada Algoritmik Treyding bilan shug’ullanish uchun sun’iy intellektni o’rganishni boshladim. Hayot meni shunchalik yaxshi tarbiyalashni hohlabdiki, dasturlash bo’yicha ozgina bilimga ega bo’lishim bilan “18 yoshimga yetguncha o’zimni o’zim moliyaviy tomondan ta’minlayman” degan buyuk orzuyimga 20 yoshda erishdim. Shunda ham pul topib o’zimdan ketib qolishimga imkonim bo’lmadi. Ammo qiziqqan ishim bilan shug’ullanish va yangi sohani o’rganishimga sharoit bo’ldi. Avvallari “10 000 000 so’m pulim bo’lsa qisqa muddatda milliarder bo’lardim” deb yurgan bilim-tajribasiz, shoshqaloq yigit bo’lgan bo’lsam hozir bundan 10 barobari bilan ham hotirjamlikni his qilyapman. Ortga qarab shu 7 yil ichida tushungan uchta asosiy darslarimni ta’kidlamoqchiman:

  1. Sen hohlagan narsalar kerak deb hisoblaganingda emas, ularga tayyor bo’lganingda beriladi. Sabr qil.
  2. Katta natijalarni hohlasang, ularga loyiq bo’l. Mehnat qil, sabr qil.
  3. Chorasiz qoldim deb o’ylaganingda, o’qish chorasini tanla. Ilm ol, mehnat qil, sabr qil.
    Orzuyingga yetish uchun – Ilm ol, Mhnat qil, Sabr qil.
%d bloggers like this: